close
Kontent qismiga oʻtish

Burgut

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Burgut
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Image
Burgut
Image
Aquila chrysaetos

Burgut — yirik, chaqqon va kuchli. Tanasining uzunligi 95 sm gacha. Qanoti 62—72 sm, yoyganda 2 m ga yetadi. Burgutlarning koʻzlari juda kuchli. Burgutning koʻrish keskinligi odamlarnikidan 8 baravar yuqori. Pat rangi toʻq qoʻngʻir, boshi malla rangda. Burgut Amerikada keng tarqalgan. Togʻ va choʻllarning odam yashamaydigan uzoq joylarida, qoyalar orasida, saksovulzorlarda uchraydi. Odatda, bir-biriga yaqin 2—3 uyasi boʻlib, bittasidan foydalanadi. Xira oq va qoʻngʻir xollar bilan qoplangan 1—2 ta tuxum qoʻyadi. Burgut parrandalar (kaklik, dudoq), yumronqoziq, toshbaqa, quyon va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi. Oʻrta Osiyoda Burgutning yosh joʻjasini qoʻlga oʻrgatishadi. Voyaga yetganida uni quyon, tulki va hatto boʻri oviga olib chiqishadi. Kemiruvchilarni qirib, qishloq xoʻjaligiga foyda keltiradi. Burgut Oʻzbekiston va boshqa davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan.

Qirgʻiylar oilasiga mansub eng taniqli yirtqich qushlardan biri, eng yirik burgut. Katta yoshli qushlar bir xil toʻq-qoʻngʻir rangda boʻladi, boshining usti sariq-qizgʻish rang.

Yashash makoni Shimoliy Amerikaning katta qismidagi keng hududlarni, Shimoliy Afrika va deyarli butun Yevroosiyoni (uning tropik qismi bundan mustasno) qamrab olgan.

Oʻzbekistonda uchraydigan burgut tekisliklar va baland togʻli hududlarning oʻzgarishlarga kam uchragan, ochiq landshaftlarida uyalaydi va bir joyda yashaydi. Asosan togʻlarda, choʻl hududlarining katta qismida, ochiq tekislik va yarim ochiq landshaftlarda yashaydi. Odamlar yashaydigan hududlardan qochadi, inson tomonidan bezovta qilinishni yoqtirmaydi. Arealning katta qismida muqim yashaydi, uyasi oldida juft boʻlib uchib yuradi. Qushlarning bir qismi tarqalish zonasining va baland togʻlarning shimoliy tomonidan qor kamroq boʻlgan hududlarga koʻchadi.

Burgut turli-tuman oziqlanadi, u har xil oʻljani ovlaydi, koʻp hollarda turli tuyoqlilarning bolalari, quyonlar, kemiruvchilar va qushlarning har xil turlari uning oʻljasini tashkil etadi. Toshbaqalar burgutning ozuqasida alohida oʻrin egallaydi, chunki ularni yuqoridan tosh otgan holda ovlash osonroq.

Burgutlar ozuqa izlab, iliq havoning yuqoriga koʻtariluvchi oqimlarida balandda uzoq vaqt davomida parvoz qiladi. Bunda uning qanotlari tanasidan biroz koʻtarilib, oldinga tortilgan boʻladi, qanotlarning faolligi esa minimal boʻlib qoladi. Ov qilishning yana bir usuli – oʻljani qoʻqqisdan ushlash uchun qarchigʻayga oʻxshab uncha katta boʻlmagan balandlikda uchish. Burgut qanotlarini kuchli va chuqur qoqqan holda oson va harakatchan parvoz qiladi. Boʻlgʻusi oʻljasini sezishi bilanoq uning ortidan qanot qoqadi, bunda uning tezligi soatiga 240-320 km ga yetishi mumkin.

Burgutlar uyalarini daraxtga yoki qiyin chiqiladigan qoya yorigʻiga quradi, kamdan-kam hollarda eski uyasini egallaydi; uyaga odatda ikkita tuxum qoʻyadi, biroq koʻp hollarda joʻjalardan faqat bittasigina omon qoladi. Tuxumlarni bosib oʻtirishga 37-39 kun vaqt ketadi, joʻjalar uyada 1,5 oyga yaqin yashaydi. Ammo ular uyasidan uchib chiqib ham uzoq vaqt davomida ota-onasining yonida qoladi.

Burgut bilan ovlash anʼanasi juda qadimiy tarixga ega. Ovchilik kasbi ota-bobosidan meros qolgan ovchilar, yaʼni burgutchilar yoki kushbegilar bolalikdan shu kasb sirlarini oʻrganadi va uni avloddan-avlodga yetkazadi. Ovchilikni endigina boshlagan ovchi avvalo qirgʻiy va jagʻaltoyni boshqarishni oʻrganadi, keyin qarchigʻay, itolgi, lochin yoki shumqorni oʻrgatishga harakat qiladi. Faqat shundan keyingina unga yirikroq, kuchliroq va xavfliroq burgutni oʻrgatish ishini ishonib topshirishadi, u bu ishni har doim oʻzidan tajribaliroq boʻlgan ustozining nazorati ostida bajaradi. Markaziy Osiyoda burgutlar tulki, quyon, baʼzida boʻri va bugʻularni ovlashda foydalaniladi. Burgut haqida koʻplab madaniyatlarda eshitish mumkin. Masalan, Yevropa, Oltoy xalqlari, hindularda. U har doim kuch, hokimiyat, mardlik, uzoqni koʻra bilish va boqiylik ramzi hisoblangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil